Samarqandda informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ilk maktab ochildi

 doc xls

Samarqand shahridagi 9-informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi zamon talablari asosida jihozlanib, foydalanishga topshirildi. Uning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov, Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov ishtirok etdi.

Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabda olib borilgan bunyodkorlik va jihozlash ishlariga “Uzinfocom davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Axborot texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi va viloyat hokimligining 340 million so‘mdan ortiq mablag‘i sarf etildi.

Maktabda o‘qish istagida bo‘lgan 130 o‘quvchi hujjat topshirdi. 2021 yilning 5 yanvar kuni Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan sinovlarda eng yuqori ball to‘plagan 60 nafar o‘quvchi saralab olindi.

Tadbir davomida mehmonlar maktabda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, o‘quvchilar tomonidan yaratilayotgan dasturlar, rabototexnika yo‘nalishining iqtidorli o‘quvchilari kashfiyotlari bilan yaqindan tanishib, ularga o‘z tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, bugungi kunga qadar informatika fanini o‘quvchilarga puxta o‘rgatib kelayotgan, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ilgari surilgan qator loyihalarda munosib ishtirok etib kelayotgan o‘quvchi va o‘qituvchilarga diplom va sertifikatlar, esdalik va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.

(66) 235-24-60

Dush-Jum : 9.00 - 18.00
Tushlik : 13.00 - 14.00

center@samarkand.uz

Tez fursatda javob beramiz

Samarqand shahri

140157, Ko‘ksaroy maydoni, 1-uy.